2025-yil 30-oktabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida 27-Azerbayjon xalqaro tibbiyot innovatsiyalari ko‘rgazmasi — Medinex 2025 o‘z ishini boshladi. Mazkur ko‘rgazma mintaqadagi tibbiyot va farmatsevtika sohasining eng yirik va nufuzli tadbirlaridan biri bo‘lib, dunyoning turli mamlakatlaridan ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, ilmiy-tadqiqot markazlari va mutaxassislarni birlashtiradi.
Joriy yilda ko‘rgazmada O‘zbekiston ilk bor “Made in Uzbekistan” milliy stendi bilan qatnashmoqda. Stend “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJ hamkorligida tashkil etilib, yurtimizning tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi innovatsion yutuqlari, eksportbop mahsulotlari hamda zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalarini xalqaro hamjamiyatga namoyish etmoqda.
Milliy stend tarkibida 10 ta yetakchi O‘zbekiston kompaniyalari, jumladan Jurabek Laboratories, Dentafill Plyus, ZumaPharma, Doraline Pharma, Perfectfoodlab, Elastikum, Nest Med Tech, Soft Vitamin Business, Agro-Ziyo va Chori Plast korxonalari o‘z mahsulotlarini taqdim etmoqda.
Shuningdek, ko‘rgazmada ZumaPharma korxonasi ham faol ishtirok etmoqda. Kompaniyaning rasmiy vakili Anastasiya Komissarova xalqaro ishtirokchilarga korxonaning innovatsion mahsulotlari, ishlab chiqarish salohiyati va eksport imkoniyatlari haqida ma’lumotlar taqdim etmoqda.
Ko‘rgazma 1-noyabr kuni soat 17:00 gacha davom etadi. O‘zbekiston ekspozitsiyasi 1-pavilon, M-222 stendda joylashgan.